 |
 |
O‘zbekiston Respublikasi
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mamlakatimiz Prezidenti
I.Karimov 1991 yil sentabr oyida chiqargan Farmon bilan tashkil
etilgan.
Bank oldiga mamlakatimiz kompaniyalarining tashqi savdo operatsiyalari
bo‘yicha xalqaro andozalar darajasida xizmat ko‘rsata oladigan,
O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni, ilg‘or
texnologiyalarni jalb etishga qodir bo‘lgan moliya muassasasi
yaratish vazifasi qo‘yilgan. |
Mohiyatan, bugungi kunda O‘zmilliybank mamlakatimiz
bank tizimining xalqaro moliya bozorlaridagi “tashrifnoma”si bo‘lib
qoldi. Konservativ, puxta o‘ylangan siyosatga tayanib, Bankni boshqarishning
samarali mexanizmlarini, o‘sish strategiyasini ishlab chiqdi. Bu
holat unga dadil va jo‘shqin rivojlanib, professional moliya muassasasi,
o‘z mijozlarining ishonchli sherigi sifatida mustahkam obro‘ga ega
bo‘lish imkonini berdi.
Bank bozor o‘zgartishlarini amalga oshirishda
faol yetakchilik qilib kelmoqda. Loyihalarni moliyalash, universal
tijorat, investitsiya va jamg‘arma banklari funksiyalarini eng maqbul
tarzda uyg‘unlashtirib ishlayotgan O‘zmilliybank O‘zbekiston bozor
iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli kirib borishiga yordam bermoqda.
Mamlakatimiz mustaqillik yillarida iqtisodiy
rivojlanishi dinamikasi Bank tarixida aks etgan. O‘zmilliybank mamlakatimiz
bank xizmatlari bozorida peshqadamlik qilayotgani, barqaror rivojlanayotgani,
uning depozit bazasi beto‘xtov o‘sib borayotgani, xorijiy kredit
yo‘nalishlari keng ko‘lamda jalb etilayotgani O‘zmilliybank O‘zbekiston
iqtisodiyotining amalda barcha tarmoqlariga mansub investitsiya
loyihalarini moliyalashda faol qatnashishida yordam berdi.
Mustaqillik yillarida Bank iqtisodiyot tarkiban
chuqur qayta qurilishini ta’minlovchi loyihalarni moliyaladi. Bular,
neft va metallarni qazib olish hamda qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi
mashinasozligi, kimyo sanoati hamda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish,
to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash,
sayyohlik, havo va temir yo‘l transporti, aloqa, kichik va o‘rta
biznesni rivojlantirish loyihalari va O‘zbekiston iqtisodiyotining
yangi qiyofasini shakllantiruvchi boshqa ko‘plab loyihalardir.
1993 yildan buyon “The Banker” jurnali reytinglariga
ko‘ra, Milliy bank jahondagi eng katta bank muassasalarining obro‘li
birinchi mingligiga kirgan va hozir unda 562-o‘rinni egallab turibdi.
Mamlakatimiz bank sho‘’basi jadal rivojlanayotgan
sharoitda Milliy bank O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda birinchi
bo‘lib hisob yuritish xalqaro andozalariga mos keladigan yangi hisobvaraqlar
rejasidan foydalanishga o‘tdi. Hozirgi vaqtda Milliy bankda joriy
etilayotgan eng yangi “Globus” avtomatlashtirilgan bank tizimi Bankka
o‘z biznesini maksimal darajada kengaytirish imkonini beradi.
O‘zmilliybank “Reyter”, “Telereyt”, “Svift”
kabi nufuzli xalqaro moliya kommunikatsiyalari tarmoqlariga, “VIZA”
hisob-kitob tizimiga a’zo bo‘lgan, jahondagi eng katta emitentlar
chiqargan, jumladan “Ameriken Ekspress” yo‘l cheklarini to‘lovga
qabul qilayapti va sotayapti.
Mamlakatimizning iqtisodiy muhim hisoblanuvchi
barcha mintaqalarida joylashgan 96ta filial va bo‘lim Milliy bankning
603 mingdan ziyod korporativ va xususiy mijozlariga keng doiradagi
xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlamoqda.
Shuningdek, Milliy bank Moskva shahrida
o‘zining “Aziya-Invest Bank” sho‘’ba bankiga ega. U 2001 yil yakunlariga
ko‘ra Rossiyaning 200ta eng yirik banki safiga qo‘shildi.
Xalqaro aloqalar faol rivojlanmoqda. Hozirgi
kunda Milliy bank vakillik tarmog‘i jahonning 67 mamlakatidagi 570
bankni o‘z ichiga olgan.
Bank 2004 yilda o‘zining respublika moliya
bozoridagi mavqeini mustahkamlab, rivojlanishda ijobiy dinamikaga
erishdi.
Milliy bankning jamlama balansi hajmi ekvivalentda 2.929 mln. AQSh
dollarini tashkil etdi.
Hisobot yilida Bank sarmoyasi 11 mln. AQSh dollariga ko‘payib, 01.01.2005
yildagi holatga ko‘ra 485 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.
2005 yil 1 yanvardagi holatga ko‘ra, kredit portfeli hajmi 2.418,4
mlrd. so‘mni tashkil etdi (2004 yil 1 yanvarda 2.312,3 mlrd. so‘m
edi).
Milliy bank keng doirada yuritayotgan faoliyat
ichki va xalqaro bank operatsiyalarining amalda barcha sohalarini
qamrab olgan. Endi u xalqaro andozalar darajasida bank xizmatlari
ko‘rsatish imkonini beruvchi zamonaviy bank texnologiyalarini rivojlantirmoqda.
Bank xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va eksport-import
agentliklari ajratayotgan kredit yo‘nalishlaridan foydalanish maqsadida
korporativ xizmatlar ko‘rstib, ular bilan aloqalarni kengaytirish
hamda mustahkamlash borasida aniq maqsadli siyosat yuritmoqda. Xususan:
- tashqi savdo faoliyati
Milliy bank O‘zbekistondagi butun tashqi savdo oborotining 70%dan
ortig‘i bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqda. Bunda eksport-import bo‘yicha
kreditlashning bo‘nak to‘lovlari qaytarilishi, kontraktlar ijro
etilishi yuzasidan kafolatlar berish, veksellarni diskontlash, forfeyting,
faktoring, o‘zbekistonlik eksportchilarga bevosita bank kreditlari
berish, loyihalarni moliyalash, eksport-kredit agentliklari ishtirokida
eksport-importni moliyalash kabi mexanizmlari qo‘llanilayapti. To‘lov
muddati suriladigan akkreditivlar qo‘llanilmoqda, mijoz tovarni
yetkazib berayotganda va sotayotganda mablag‘larni konsignatsiya
shartlarida bir martalik konvertatsiyalash ishlari amalga oshirilayapti;
- loyihalarni moliyalash
Milliy bank loyihalarni moliyalashda yangi korxonalar qurish, ishlab
turganlarini modernizatsiyalash yoki texnik qayta qurollantirish
(jumladan, mashina-uskunalar sotib olish, qurilish-montaj va boshqa
ishlarni bajarish), shuningdek ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish
sohasi obyektlari normal faoliyat yuritishini ta’minlash uchun zarur
xom ashyo va materiallarning bir qismini sotib olish ko‘zda tutilgan
investitsiya loyihalarini moliyalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Kreditlar iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida tarkibiy o‘zgartishlarni
ta’minlovchi eng muhim investitsiya loyihalarini moliyalash uchun
mo‘ljallangan. YTTB, OTB, XMK kabi va boshqa yirik xalqaro moliya
muassasalari kredit yo‘nalishlarining aksariyat qismi tijorat asosida,
bevosita hukumat kafolatlari taqdim etmasdan jalb qilinmoqda;
- investitsiyalashga doir bank
ishi
O‘zmilliybank investitsiya banki sifatida mamlakatimizda infrastrukturasi
rivojlangan, O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlayotgan,
moliya hamda sanoat sho‘’balari rivojlanishiga yordam berayotgan
eng katta bank hisoblanadi. Bankning investitsiya portfeli aviasozlik,
to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, qurilish, agrobiznes, transport
va sayyohlik, moliya sho‘’basi korxonalarining aksiyalarini qamrab
olgan. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, uning investitsiya
loyihalarini moliyalash – bank faoliyatidagi shubhasiz ustuvor yo‘nalishdir;
Chakana xizmatlar:
- omonatlar
Aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasini kengaytirish
siyosatiga qat’iy amal qilib, Bank aholining jalb etilgan mablag‘lari
va xususiy omonatlar bo‘yicha mamlakatimiz moliya bozorida yetakchilar
safiga qo‘shildi. Hozirgi kunda Bank chakana xizmatlarning 70dan
ziyod turini taqdim etmoqda. O‘zmilliybank bo‘lim va filiallari
orqali ko‘rsatiladigan elektron xizmatlar doirasi kengayishi, aholining
bankka ishonchi ortishi, omonatlar shartlarini maqbullashtirish,
yangi depozitlarni ishlab chiqish va joriy etish, xizmatlar sifatini
oshirish borasida aniq maqsadli ishlar olib borilishi natijasida
mijozlar soni ancha ko‘paydi. Amalga oshirilgan ishlar O‘zmilliybankka
aholining jalb etilgan depozitlari bo‘yicha O‘zbekistonda peshqadamlik
mavqeini egallash imkonini berdi;
- plastik kartochkalar
Bank aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarni rivojlantirish borasida
plastik kartochkalarning har xil turlariga katta ahamiyat berib
qaramoqda. Ularni joriy etishda O‘zmilliybank eng zamonaviy texnologiyalardan
dadil foydalanib, chinakam novatorlik qilayapti. Yil davomida kartochka
egalari soni 190 ming kishidan oshdi. O‘zmilliybank kartochkalari
bo‘yicha to‘lovni qabul qiladigan savdo-servis korxonalari tarmog‘i
kengayishi bu kartochkalar aholi orasida yanada ommalashib ketishiga
yangi turtki berdi. Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasining 540dan
ortiq eng katta korxonalari Bank bilan so‘m kartochkalari bo‘yicha
xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnomalar tuzdi. O‘zmilliybank
milliy valutada hisob-kitoblar qilish uchun mo‘ljallangan so‘m kartochkalari,
Visa Classic va Visa Electron xalqaro kartochkalari, IAPA hamda
Priority Pass diskont kartochkalari chiqarayapti, shuningdek xorijiy
banklar chiqargan VISA, Evrocard/Mastercard, American Express kartochkalari
bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqda. Bank, shuningdek, IAPA, Priority Pass
va DSO diskont kartochkalarini ham taklif etayapti.
Shuningdek, O‘zmilliybank O‘zbekistonning
o‘zida ham, undan tashqarida ham xizmatlar va mahsulotlarning quyidagi
yangi turlarini taklif qilishi mumkin:
- elektron banking
Bankning bo‘lim va filiallari mamlakatimizning iqtisodiy jihatdan
muhim ahamiyatga ega bo‘lgan barcha mintaqalarida joylashgan. Ular
mijozlarga bank xizmatlarining butun kompleksini taqdim etayapti,
elektron banking tizimi, ya’ni bankomatlar, savdo va servis korxonalaridagi
terminallar orqali zamonaviy bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini
ta’minlayapti;
- “Bank-mijoz” tizimi
“Bank-mijoz” dasturiy kompleksi bank bilan mijoz avtomatlashtirilgan
tarzda o‘zaro hamjihat ishlashi uchun mo‘ljallangan, pul mablag‘larini
real vaqt rejimida tezkor boshqarish imkoniyatini oshirishda yordam
beradi. 2002 yilning may oyida AFIRATOning 25-yillik konferensiyasi
va Bosh assambleyasi o‘tkazilayotganda bank ilgari surgan “Mijozlarga
masofadan elektron xizmatlar ko‘rsatish tizimi” mahsuloti uchun
“Texnologiyalarni rivojlantirish” nominatsiyasida Milliy bankka
AFIRATO mukofoti taqdim etildi.
- “Zamonaviy mulkdor” bank mahsuloti
Keng doiradagi, jumladan o‘rta va kichik investorlarni qimmatli
qog‘ozlar bozoriga jalb etish maqsadida Bank “Zamonaviy mulkdor”
yangi bank mahsuloti – qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilish elektron
tizimini joriy etdi hamda rivojlantirmoqda. Bu tizim mamlakatimizning
barcha mintaqalarini qamrab olgan. O‘zmilliybank mamlakat fond bozorini
rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “Zamonaviy mulkdor” Osiyo
va Tinch okeani mamlakatlari bank kongressining 2001 yildagi yig‘ilishida
“Eng yaxshi innovatsiya mahsuloti” nominatsiyasida g‘olib deb topilgani
bilan haqli ravishda faxrlanadi. Yangi bank mahsuloti aholining
pul mablag‘lari fond bozoriga kirib kelishi ko‘payishini va bu pullar
mazkur bozorda muomalada bo‘lishini rag‘batlantiradi. Bunda aholiga
o‘zining bo‘sh mablag‘larini yuqori daromadli hamda eng likvid qimmatli
qog‘ozlarga yo‘naltirish orqali qo‘shimcha daromad olish imkoni
beriladi.
Shunisi muhimki, bank mijozlari buyurtmanomalar
qabul qilish punktlari ixtisoslashgan tarmog‘i orqali birjadan tashqari
savdo elektron tizimi yordamida aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar
sotib olish yo‘li bilan pul mablag‘larini ishga solishning zamonaviy
shakllaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ldilar. Bank xizmatlarining
yangi turi qimmatli qog‘ozlarni erkin sotib olish va sotish, korxonalar
aksiyalariga pul mablag‘larini investitsiyalash masalalari yuzasidan
maslahatlar olish, uyushgan fond bozorida qimmatli qog‘ozlarning
narxlari to‘g‘risida zarur ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi.
Milliy bank O‘zbekiston kredit bozorida
peshqadamlik qilmoqda. Bank sanoatning barcha tarmoqlariga hamda
mulkchilikning har qanday shakliga mansub korxona va tashkilotlarga
milliy va xorijiy valutada kreditlar berayapti. Bank oborot sarmoyasini
moliyalash, eksport va importni moliyalash, loyihalarni moliyalash
uchun kreditlar ajratmoqda.
Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash,
uning investitsiya loyihalarini moliyalash – Bank faoliyatining
so‘zsiz ustuvor yo‘nalishidir.
O‘zbekiston bilan Rossiya Federatsiyasi
o‘rtasida eksport-import operatsiyalarini bajarish, yagona bank
fazosini shakllantirish uchun ishonchli moliya tuzilmasi bo‘lishini
ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Aziya-Invest Bank” sho‘’ba
banki Rossiya moliya bozorida mustahkam mavqeni egallab turibdi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz bank tizimi
jami aktivlarining 70%dan ortig‘i va bank tizimi jami sarmoyasining
57% Milliy bank ulushiga to‘g‘ri keladi.
Hozirda bankning asosiy kuch-g‘ayrati ustuvor
tarmoqlarga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, kichik va
o‘rta biznes loyihalarini amalga oshirish, korporativ va chakana
mijozlar doirasini kengaytirish, fond bozoridagi ish samaradorligini
oshirish, O‘zmilliybankni institutsional rivojlantirish va xususiylashtirish
dasturini ishlab chiqish kabi vazifalarga yo‘naltirilmoqda.
O‘zmilliybank tuzilishida keng ma’nodagi
investitsiya bankini rivojlantirish eng muhim vazifalardan biri
hisoblanadi. Bank investitsiyalaridan ko‘zlangan maqsad, hozirgi
kunda ham, uzoq muddatli istiqbolda ham bankning tijorat manfaatlari
iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, mijozlar
manfaatlari bilan eng maqbul darajada uyg‘unlashuviga erishishdan,
aktivlarni diversifikatsiyalash, xatarni minimallashtirish hamda
resurslar samaradorligini oshirishdan iboratdir. Qimmatli qog‘ozlar
bozoriga keng doiradagi investorlarni, jumladan o‘rta va kichik
investorlarni jalb etish maqsadida Bank o‘zining “Zamonaviy mulkdor”
deb nomlangan bank mahsuloti – mamlakatimizning barcha mintaqalarini
qamrab olgan bo‘lim hamda filiallar orqali qimmatli qog‘ozlar bilan
savdo qilish elektron tizimini rivojlantirish borasida jonbozlik
ko‘rsatmoqda. O‘zmilliybank mamlakat fond bozorini rivojlantirishga
qo‘shgan hissasi uchun “Zamonaviy mulkdor” Osiyo va Tinch okeani
mamlakatlari bank kongressining 2001 yildagi yig‘ilishida “Eng yaxshi
innovatsiya mahsuloti” nominatsiyasida g‘olib deb topilgani bilan
faxrlanishga haqli.
Milliy bank yangi bank va moliya mahsulotlarini
taklif etish, o‘zaro manfaatli hamkorlikka yordamlashish, mijozlar
iqtisodiy rivojlanishi va ularning farovonligi o‘sishida ko‘maklashish
orqali O‘zbekiston bank xizmatlari korporativ va chakana bozorlaridagi
o‘z mavqeini mustahkamlash, tashqi bozorlarda o‘z mijozlari manfaatlarini
izchillik bilan himoya qilish niyatidadir.
Milliy bank daromadliligi darajasi yuqori
ekani olib borilayotgan kredit va tijorat faoliyatiga puxta o‘ylab
yondashilayotgani hamda oqilona konservativ siyosat yuritilayotgani
bilan uyg‘unlikda unga keyingi besh yil mobaynida BIS ishonchlilik
reytingi bo‘yicha jahonning eng ishonchli banklari orasida yetaksi
mavqeni egallab turish imkonini bermoqda. Bank xorijiy sheriklar
oldida o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni to‘la hajmda va
belgilangan mudatlarda bajarib kelayapti. Bank faoliyat yuritayotgan
butun davr mobaynida hali biror marta ham tashqi to‘lovlar bajarilmagan
va Hukumat kafolatlariga murojaat qilingan holatlar yuz bermadi.
Aksincha, O‘zmilliybank kredit tarixiga baho bergan yetakchi eksport-import
agentliklari kredit yo‘nalishlari hajmini davlat kafolatlarisiz
oshirayaptilar.
Kredit yo‘nalishlari hisobidan hujjatli
operatsiyalar bo‘yicha O‘zmilliybank majburiyatlarini qabul qiladigan
xorijiy banklar soni ko‘payib borayotganligi ham Milliy bankning
amaliy obro‘-e’tibori balandligidan dalolat beradi. Xorijiy vakil
banklar ochgan shunday yo‘nalishlar umumiy hajmi 500 mln. AQSh dollarini
tashkil etadi.
Hozirgi vaqtda Milliy bank oldida quyidagi
asosiy vazifalar turibdi:
- mavjud va potensial mijozlar maqsad
guruhlarining ehtiyojlari hamda talablariga javob beruvchi faol
marketing siyosatini shakllantirish;
- korporativ mijozlar bilan ishlarni kuchaytirish.
Mumkin qadar ko‘proq birinchi darajali mijozlarni bankka jalb
etish va uzoq muddatli asosda biriktirib olish;
- mijozlar bilan ishlashning andozaviy
texnologiyalarni har bir mijozga alohida yondashuv bilan uyg‘unlashtirishga
asoslangan yangi ideologiyasini joriy etish;
- mamlakat chakana bozoridagi peshqadamlikni
saqlab qolish;
- investitsiya dasturini, kichik va o‘rta
biznesni rivojlantirish dasturini amalga oshirishda davlatga maksimal
darajada yordam berilishini, respublikamiz eksporti qo‘llab-quvvatlanishini
ta’minlash;
- mijozlar keng doirasiga tayanib, aktivlar
va passivlar strukturasining muvozanatli holatini ta’minlash,
ularni boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish;
- resurs bazasini diversifikatsiyalash,
jumladan bunda tashqi moliyalashdan foydalanish;
- bankning xorijiy investorlar oldidagi
katta obro‘sidan, xalqaro andozalar bo‘yicha bank ishonchliligining
yuqori ko‘rsatkichlaridan foydalanib, xalqaro bozorlarda bank
uchun maqbul narxlarda sarmoya jalb etish borasidagi ishlarni
faollashtirish;
- daromadlilik, likvidlikni oshirish,
valuta va bozorga oid xatarlarni kamaytirish maqsadida investitsiya
portfeli tuzilishini maqbullashtirish;
- bankni boshqarishning moslashuvchan tuzilishini
barpo etish. Bunda boshqaruvning iqtisodiy vositalariga hamda
vakolatlarni taqsimlashning maqbul tizimiga asoslanish.
Mamlakatimiz hukumatining qaroriga muvofiq,
O‘zbekiston bank tizimini isloh etish dasturida Milliy bank aksiyalarining
49%ni investorlarga sotish va bankni xususiylashtirish ko‘zda tutilgan.
Bankimiz xususiylashtirilishi uning yanada
shaffofroq bo‘lishini ta’minlash, ilg‘or texnologiyalarni jalb etish,
menejment darajasini oshirish, xalqaro sarmoya bozorlariga chiqish
imkonini beradi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshiradi,
Bankning muhtoriyati va mustaqilligini kengaytiradi, o‘z faoliyatining
pirovard natijalari uchun aksiyadorlar oldidagi javobgarlikni oshiradi.
Bu vazifalar muvaffaqiyatli hal etilishi
Bankning strategik maqsadlariga erishish garovidir.
|