"O`zbekiston
Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni
qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasini tashkil etish to`g`risida"
O`zbekiston
Respublikasi Prezidentining farmoni
Iqtisodiyotning xususiy sektorini jadal
rivojlantirishni rag`batlantirish, tabiiy monopoliya korxonalari
faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, bankrot va monopolist
korxonalarni qayta tashkil etish, raqobat muhitini shakllantirish,
raqobat va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashning bozor tizimini
yaratish bo`yicha qat`iy chora-tadbirlarni amalga oshirishni, shuningdek
iste`molchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilishni ta`minlash
maqsadida:
1. O`zbekiston Respublikasi Monopoliyadan
chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi, O`zbekiston
Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar
ishlari qo`mitasi hamda O`zbekiston Respublikasi Davlat mulkini
boshqarish va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasining
kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi negizida
O`zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni
qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasi tashkil etilsin.
2. Quyidagilar O`zbekiston Respublikasi
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash
davlat qo`mitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo`nalishlari
etib belgilansin:
xususiy sektorni jadal rivojlantirish uchun
shart-sharoitlar yaratish, jumladan xususiy tadbirkorlarning qonuniy
huquq va manfaatlarini himoya qilish;
korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holati va raqobatchilik qobiliyatini
chuqur tahlil etish, monopoliyadan chiqarish sohasida, jumladan
yirik monopolist korxonalarni kichiklashtirish va tarkibiy jihatdan
o`zgartirish, ular negizida ichki va tashqi bozorlarda samarali
raqobat qila oladigan xususiy mustaqil ishlab chiqarishlarni tashkil
etish bo`yicha amaliy tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
tabiiy monopoliya tarmoqlarini tarkibiy
jihatdan o`zgartirish va ulardan raqobat muhiti sharoitida faoliyat
ko`rsata oladigan korxonalarni ajratib olish va xususiylashtirishni
nazarda tutadigan dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
tabiiy monopoliya korxonalari o`zlarining
ichki bozordagi monopol mavqeidan foydalanib, ishlab chiqarayotgan
mahsulot va ko`rsatilayotgan xizmatlar narxlarini asossiz ravishda
sun`iy oshirishlariga yo`l qo`ymaslik maqsadida ular ustidan nazoratni
amalga oshirish;
yirik monopoliyalarning raqobatga zid harakatlarini,
nopok raqobatchilar, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, shuningdek
mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan nohalol raqobatni,
tovarlar va xizmatlar bozorlari monopoliya qilib olinishini cheklash
hamda payini qirqishni ta`minlaydigan raqobat muhiti uchun huquqiy
maydonni takomillashtirish;
iqtisodiy nochor korxonalar to`g`risidagi masalalarni hal etish
chog`ida davlat manfaatlarini ifoda etish, korxonalarni tarkibiy
jihatdan o`zgartirish va ularning bankrotligi sohasida davlat boshqaruvi
vazifalarini amalga oshirish;
iste`molchilar huquqlarini davlat tomonidan
himoya qilish tizimini iste`molchilar huquqlarini himoya qiluvchi
jamoat tuzilmalari bilan mustahkam muvofiqlashtirgan holda tashkil
etish;
reklama sohasida nopok raqobatga yo`l qo`ymaslik maqsadida reklama
bozorini tartibga solish.
3. Belgilansinki, quyidagilar O`zbekiston
Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni
qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasining Qoraqalpog`iston Respublikasi,
viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladigan hududiy organlari
hisoblanadi:
Qoraqalpog`iston Respublikasida - Qoraqalpog`iston
Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish
qo`mitasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi iqtisodiy nochor korxonalar
ishlari hududiy boshqarmasi hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi
Davlat mulki qo`mitasining kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish
bo`limi negizida tashkil etiladigan Monopoliyadan chiqarish, raqobat
va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash qo`mitasi;
viloyatlar va Toshkent shahrida - monopoliyadan
chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari, iqtisodiy
nochor korxonalar ishlari hududiy boshqarmalari hamda O`zbekiston
Respublikasi Davlat mulki qo`mitasi hududiy boshqarmalarining kichik
va xususuiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo`limlari negizida tashkil
etiladigan monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash
hududiy boshqarmalari.
4. O`zbekiston Respublikasi Monopoliyadan
chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasiga
quyidagi huquqlar berilsin:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat
hokimiyati organlari, xo`jalik yurituvchi sub`ektlar hamda ularning
mansabdor shaxslariga, o`z vakolati va Qo`mita to`g`risidagi tasdiqlangan
Nizom doirasida, ular chiqargan qarorlarni bekor qilish yoki monopoliyaga
qarshi ishlarni tartibga solish, bankrotlik, raqobat va tadbirkorlikni
rivojlantirish sohasidagi qonunchilikni buzadigan xatti-harakatlarni
to`xtatish va uning oqibatlarini tugatish to`g`risida taqdimnomalar
berish, shuningdek berilgan taqdimnomalar ijrosini nazorat qilish;
nopok raqobatchilar, davlat va xo`jalik
boshqaruvi organlari hamda mansabdor shaxslari, shuningdek mahalliy
davlat hokimiyati organlari va mansabdor shaxslari tomonidan monopoliyaga
qarshi ishlarni tartibga solish, bankrotlik, raqobat va tadbirkorlikni
rivojlantirish sohasidagi qonunchilik buzilgan hollarda ularga qarshi
sudlarda da`vo qo`zg`atish;
monopolist korxonalarga, iqtisodiy nochorlik
alomatlari mavjud bo`lgan yoki bankrotga uchrash holatiga kelib
qolgan korxonalarga ularni kichiklashtirish va tarkibiy jihatdan
o`zgartirish zarurligi to`g`risida taqdimnomalar berish, shuningdek
sudning qaroriga binoan shunday taqdimnomalarning qonunchilikda
belgilangan tartibda majburiy bajarilishini amalga oshirish;
xo`jalik yurituvchi sub`ektlar va ularning
mansabdor shaxslariga, shuningdek davlat boshqaruvi organlari hamda
mahalliy hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga qonunchilikda
belgilangan hollarda va tartibda jarimalar solish;
iste`molchilik huquqlari kamsitilgani to`g`risida
iste`molchilarning ariza va shikoyatlari yuzasidan, nazorat organlari
faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashi bilan
kelishilgan holda, ana shu huquqlarni buzgan korxona va tashkilotlarni
tekshirish (ularning moliya-xo`jalik faoliyati bundan mustasno).
5. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O`zbekiston Respublikasi
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash
davlat qo`mitasi to`g`risidagi Nizomni tasdiqlasin, unda mazkur
qo`mita tomonidan xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning faoliyat erkinligi
kamsitilishi va cheklanishiga yo`l qo`yilmasligi nazarda tutilgan
holda uning huquq va vakolatlari aniq belgilab qo`yilishi ko`zda
tutilsin.
6. O`zbekiston Respublikasi Monopoliyadan
chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasi
o`zi taqdim etadigan da`volar yuzasidan ko`rib chiqish uchun xo`jalik
sudlariga kiritiladigan ishlar bo`yicha boj to`lashdan ozod qilinsin.
7. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining
2000 yil 2 avgustdagi "O`zbekiston Respublikasi Monopoliyadan
chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasini tashkil
etish to`g`risida"gi PF-2676-son Farmoni hamda O`zbekiston
Respublikasi Prezidentining 1996 yil 11 dekabrdagi "Korxonalarning
bankrotligi to`g`risidagi qonunchilikni amalga oshirish chora-tadbirlari
haqida"gi PF-1658-son Farmonining 3-9-bandlari o`z kuchini
yo`qotgan deb hisoblansin.
O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O`zbekiston Respublikasi
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash
davlat qo`mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga,
xususan, raqobat to`g`risidagi hamda tovar bozorlaridagi monopolistik
faoliyatni cheklash, tabiiy monopoliyalar, bankrotlik, iste`molchilar
huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonunlarga ushbu Farmondan
kelib chiqadigan o`zgarish va qo`shimchalar haqida takliflar kiritsin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda
O`zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni
qo`llab-quvvatlash davlat qo`mitasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini tayyorlasin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
I. Karimov
Toshkent shahri,
2005 yil 2 may
|