"2005
yilning 1 mayidan boshlab ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar
va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oshirish to'g'risida"
O'zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Q'arori
Respublika aholisining turmush darajasini
yanada oshirish va fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida:
1. 2005 yilning 1 mayidan boshlab byudjet
muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, barcha turdagi
pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar, oliy o‘quv yurtlari talabalarining,
o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlari o‘quvchilarining stipendiyalari
1,2 baravar oshirilsin.
2. 2005 yilning 1 mayidan boshlab O‘zbekiston
Respublikasi hududida eng kam:
ish haqi - oyiga 7835 so‘m;
yoshga doir pensiyalar - oyiga 15505 so‘m;
yagona tarif setkasi bo‘yicha boshlang‘ich
(nolinchi) razryad - oyiga 7835 so‘m;
bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa
- oyiga 15505 so‘m;
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi
va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 9390
so‘m miqdorida belgilansin.
3. 2005 yilning 1 mayidan boshlab O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2003 yil 27 martdagi PF-3227-sonli Farmoni
bilan uy-joy kommunal xizmatlarga haq to‘lash bo‘yicha oylik kompensatsiya
pul to‘lovlari joriy etilgan byudjet tashkilotlari xodimlaridan
ayrim toifalarining ish haqi o‘rta hisobda 1,35 baravar oshirilsin
va mazkur kompensatsiya to‘lovlari bekor qilinsin, jumladan mazkur
Farmonning 1-bandiga muvofiq 1,2 baravar oshirilsin, qolgan qismi
esa - bekor qilinadigan kompensatsiya pul to‘lovlari hisobidan amalga
oshirilsin.
4. 2005 yilning 1 mayidan boshlab uy-joy
kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha oylik kompensatsiya pul
to‘lovlari eng kam ish haqiga nisbatan tabaqalashtirilgan miqdorlarda
beriladigan shaxslar imtiyozli toifalarining yangilangan ro‘yxati
ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, ish haqiga qo‘shiladigan
ustama va qo‘shimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek pensiyalar,
ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga, bolali
oilalarga beriladigan nafaqalar hamda eng kam ish haqiga nisbatan
belgilangan kompensatsiya va boshqa to‘lovlar 2005 yilning 1 mayidan
boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan
kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini
ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari,
byudjetdan moliyalanadigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda
pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, byudjet muassasalari va tashkilotlari
xodimlarining mansab maoshlari miqdorini mazkur Farmondan kelib
chiqqan holda o‘z vaqtida qayta hisoblab chiqishni ta’minlasin.
7. Byudjet muassasalari va tashkilotlari
xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalarning
oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar Respublika Davlat byudjeti
va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan
tashqari Pensiya jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilsin.
8. Xo‘jalik hisobidagi korxona va tashkilotlar
2005 yilning 1 mayidan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam
ish haqiga muvofiq ishlab chiqarish samaradorligi oshirilgan va
mehnat sarfi kamaytirilgan taqdirda ish haqi miqdorini oshirsin.
9. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2004 yil 1 iyuldagi PF-3450-sonli Farmoni;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2003 yil 27 martdagi PF-3227-sonli Farmoni ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan
deb hisoblansin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan
o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar
kiritsin.
11. Mazkur Farmon matbuotda e’lon qilinsin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
I. Karimov
Toshkent shahri,
2005 yil 13 aprel
|