"Tashqi
iqtisodiy va savdo aloqalari, xorijiy investitsiyalarni jalb etish
sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish to'g'risida"
O`zbekiston
Respublikasi Prezidentining farmoni
Tashqi iqtisodiy aloqalarni keng rivojlantirish
va chuqurlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etishni faollashtirish
va xorijiy sarmoyadorlarga ishonchli kafolatlarni ta’minlash, tashqi
savdoni yanada erkinlashtirish, mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari
bilan chet el firmalari o‘rtasidagi uzoq muddatli barqaror sheriklik
munosabatlarini shakllantirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy
aloqalar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar,
investitsiyalar va savdo vazirligi etib qayta tashkil qilinsin.
2. Quyidagilar Tashqi iqtisodiy aloqalar,
investitsiyalar va savdo vazirligining asosiy vazifalari etib belgilansin:
tashqi iqtisodiy faoliyat, eksportni rag‘batlantirish,
xorijiy investitsiyalar jalb etish, tashqi savdoni erkinlashtirish,
tashqi savdo aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash sohasida
yagona davlat siyosati o‘tkazilishini ta’minlash;
jahon tovarlar (kapitallar, xizmatlar)
bozorlarining kompleks marketing tadqiqotlarini amalga oshirish,
ichki va tashqi bozorlar istiqbollarini hamda samaradorligini hisobga
olgan holda ularning ahvolini chuqur tahlil etish va rivojlanishini
prognoz qilish, xorijiy sheriklar bilan uzoq muddatli, barqaror
savdo-iqtisodiy munosabatlarni o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar
ishlab chiqish va amalga oshirish;
iqtisodiyotni rivojlantirish va raqobatbardoshligini
oshirish hamda uning jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuvi
bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish,
respublikaning eksport salohiyatini rivojlantirish dasturlarini
ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, mamlakatimiz tashqi iqtisodiy
faoliyat sub’yektlarining huquq va manfaatlarini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar,
xalqaro iqtisodiy va moliyaviy institutlar, boshqa xalqaro huquq
sub’yektlari bilan o‘zaro manfaatli asosda iqtisodiy va moliyaviy
hamkorligini rivojlantirishni ta’minlash;
qulay investitsiya muhitini shakllantirishga
va respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar jalb etilishiga
ko‘maklashish, investitsiya loyihalari ro‘yobga chiqarilishi monitoringini
amalga oshirish, xorijiy investorlarga zarur axborot yordami ko‘rsatish.
3. Ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyalari
faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ular faoliyati samaradorligini
oshirish masalalari Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va
savdo vazirligi zimmasiga yuklansin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tashqi
iqtisodiy aloqalar agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tashqi
iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi etib;
Agentlikning viloyatlar va Toshkent shahridagi
tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha boshqarmalari viloyatlar va Toshkent
shahridagi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmalari
etib qayta tashkil qilinsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston
Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo
vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy tashqi
iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmalari tegishli
ravishda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi
hamda agentlik mintaqaviy boshqarmalarining huquq va majburiyatlari
bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadilar.
6. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi xorijiy investitsiyalar va kreditlar masalalari bo‘yicha
idoralararo kengash;
eksport salohiyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish
bo‘yicha Respublika kengashi tugatilsin.
Tugatilayotgan kengashlarning vazifalari
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar
va savdo vazirligi zimmasiga yuklansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2002 yil 21 oktyabrdagi "Tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida
boshqaruv tizimini yanada erkinlashtirish va takomillashtirish to‘g‘risida"gi
PF-3151- sonli Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun
hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar
kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar,
investitsiyalar va savdo vazirligini tashkil etish hamda uning faoliyati
masalalari bo‘yicha hukumat qarorini qabul qilsin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti
I. Karimov
Toshkent shahri,
2005 yil 21 iyul
|