"Iste’mol
krediti to‘g‘risidagi o'zbekiston respublikasi qonuni"
Qonunchilik palatasi tomonidan 2005 yil 22 dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006 yil 24 fevralda ma’qullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi iste’mol krediti berish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda.Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Iste’mol krediti tushunchasi va shakllari
Iste’mol krediti jismoniy shaxsga (iste’molchiga) uning iste’mol ehtiyojlarini qondirish maqsadida tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olish uchun beriladigan kreditdir.
Moliyaviy iste’mol krediti va tovar iste’mol krediti iste’mol kreditining shakllaridir.
4-modda. Moliyaviy iste’mol krediti va uni beruvchi tashkilotlar
Moliyaviy iste’mol krediti sotib olingan tovarlar (xizmatlar) haqini to‘lash uchun pul mablag‘lari tarzida iste’molchiga beriladigan kreditdir.
Banklar yoki boshqa kredit tashkilotlari moliyaviy iste’mol krediti beruvchi tashkilotlardir.
5-modda. Tovar iste’mol krediti va uni beruvchi tashkilotlar
Tovar iste’mol krediti sotib olingan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki ko‘rsatilgan xizmatlar haqinibo‘lib-bo‘lib to‘lash tarzida iste’molchiga beriladigan kreditdir.
Iste’mol tovarlarini (ishlarni, xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotlar tovar iste’mol krediti beruvchi tashkilotlardir.
6-modda. Iste’mol krediti ob’yekti
Jismoniy shaxsning iste’mol ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) iste’mol krediti ob’yekti bo‘lishi mumkin.
Ko‘chmas mulk, shuningdek qonunga muvofiq muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan boshqa mol-mulk iste’mol krediti ob’yekti bo‘lishi mumkin emas
7-modda. Iste’mol krediti berish
Iste’mol krediti iste’mol krediti berish qoidalariga muvofiq iste’mol krediti shartnomasi (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) bo‘yicha to‘lovlilik, muddatlilik va ta’minlanganlik shartlari bilan beriladi.
Iste’mol krediti o‘z faoliyati natijasida olingan daromadlarga, pensiya va boshqa daromadlarga (bundan buyon matnda daromadlar deb yuritiladi) ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga beriladi.
Iste’mol krediti berish qoidalari iste’mol krediti beruvchi tashkilot tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi.
Iste’mol krediti berish qoidalari hamma tanishib chiqishi uchun ochiq bo‘lishi va ularda iste’mol krediti berish shartlari, shuningdek kredit miqdori, uni berish muddati, foiz stavkasi, iste’molchi to‘lashi lozim bo‘lgan to‘lovlar jadvali to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kreditga sotish sotuv kunida amalda bo‘lgan narxlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining keyinchalik o‘zgarishi shartnoma taraflarining majburiyatlariga ta’sir etmaydi.
8-modda. Iste’mol krediti olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Iste’mol krediti berish qoidalariga muvofiq iste’molchi iste’mol krediti olish uchun kredit buyurtmasini va o‘z daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan boshqa hujjatlarni iste’mol krediti beruvchi tashkilotga taqdim etadi.
Kredit buyurtmasida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
iste’molchining familiyasi, ismi, otasining ismi, pasporti (yoki pasport o‘rnini bosuvchi hujjati) seriyasi va raqami hamda yashash joyi; iste’mol kreditining ob’yekti;
iste’mol kreditining muddati;
iste’molchining faoliyat turi va daromadlari;
iste’molchi tomonidan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash usuli.
Kredit buyurtmasi buyurtma berilgan sana ko‘rsatilgan holda iste’molchi tomonidan imzolanadi.
9-modda. Kredit buyurtmasini ko‘rib chiqish tartibi
Iste’mol krediti beruvchi tashkilot kredit buyurtmasini olganidan so‘ng kredit berish to‘g‘risida yoki kredit berishni asoslantirilgan holda rad etish haqida besh ish kuni ichida qaror qabul qiladi.
Iste’mol krediti berish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, iste’mol krediti beruvchi tashkilot iste’molchiga bu haqda yozma shaklda ma’lum qilishi shart.
Kredit buyurtmasi iste’mol krediti beruvchi tashkilot tomonidan ko‘rib chiqilayotganda quyidagilarning tahlili amalga oshiriladi:
iste’molchining daromadlari yetarliligini va kredit tarixini aniqlash;
kredit buyurtmasida bayon etilgan ma’lumotlarning bir-biriga zid bo‘lmasligi;
iste’mol krediti summasini qaytarishning maqbul istiqbollari mavjudligi.
10-modda. Shartnoma shartlari
Shartnomada quyidagilar nazarda tutilgan bo‘lishi lozim:
-
iste’molchining familiyasi, ismi, otasining ismi, pasporti (yoki
pasport o‘rnini bosuvchi hujjati) seriyasi va raqami hamda yashash
joyi;
-
iste’mol krediti beruvchi tashkilotning nomi va boshqa rekvizitlari;
-
iste’mol kreditining ob’yekti haqidagi ma’lumotlar;
iste’mol kreditining umumiy summasi;
-
iste’molchi tomonidan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning
bajarilishini ta’minlash usuli;
-
foiz stavkasi;
-
iste’mol krediti
beruvchi tashkilot talab qilgan taqdirda, sotib olingan tovarning
(ishning, xizmatning) qiymatini oldindan to‘lash uchun bo‘nak
miqdori;
-
iste’mol krediti berish hamda uning summasini qaytarish
tartibi va muddatlari;
-
taraflarning huquq va majburiyatlari;
-
shartnoma
bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda
taraflarning javobgarligi;
-
shartnomaning amal qilish muddati;
-
shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish tartibi;
-
qonun hujjatlariga
muvofiq boshqa shartlar.
11-modda. Shartnomaning shakli va shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish
Shartnoma yozma shaklda tuziladi.
Shartnoma quyidagi hollarda notarial tartibda tasdiqlanadi:
taraflardan birining talabi bo‘yicha;
iste’mol krediti ob’yekti bo‘lgan mol-mulk bo‘yicha bitimlar qonunga muvofiq notarial tartibda tasdiqlanishi talab etilgan taqdirda.
Shartnoma qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
12-modda. Shartnomaning shakli va shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish
Shartnoma shartlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi mumkin.
Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olingan va uni sifati tegishli darajada bo‘lgan boshqa shunga o‘xshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tovar iste’mol krediti bergan tashkilot shartnomani bekor qilish haqida yozma ravishda xabardor etilgan kundan e’tiboran bir oy ichida iste’molchi tomonidan bekor qilinishi mumkin. Shartnoma bekor qilingan taqdirda, tovar iste’mol krediti bergan tashkilot sotib olingan tovar (ish, xizmat) uchun to‘langan pul summasini iste’molchiga qaytarib beradi.
Iste’molchi foydalanilmagan moliyaviy iste’mol kreditidan voz kechish haqida moliyaviy iste’mol krediti bergan tashkilotni shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran ikki hafta ichida yozma ravishda xabardor etish orqali mazkur kreditdan voz kechishga haqli.
Iste’molchi shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran bir oy ichida iste’mol kreditidan foydalanmagan taqdirda, iste’mol krediti bergan tashkilot shartnomani bekor qilish haqida iste’molchini yozma ravishda xabardor etish orqali shartnomani bir tomonlama tartibda bekor qilishga haqli.
Yozma xabar topshirilgan yoki pochta orqali jo‘natilgan sana mazkur yozma xabar yuborilgan sana hisoblanadi.
13-modda.Iste’molchining huquq va majburiyatlari
Iste’molchi quyidagi huquqlarga ega:
-
iste’mol krediti berish qoidalari bilan tanishib chiqish;
-
o‘z huquq va majburiyatlari to‘g‘risida, shu jumladaniste’mol krediti berish bilan bog‘liq barcha xarajatlar haqida ishonchli hamda to‘liq axborot olish;
-
shartnoma shartlarining shartnomada belgilangan tartibda va muddatlarda bajarilishini talab qilish;
-
tegishli darajada sifatli bo‘lmagan sotib olingan tovarning (ishning, xizmatning) almashtirilishini talab qilish yoki uni sifati tegishli darajada bo‘lgan boshqa shunga o‘xshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirish imkoniyati bo‘lmaganida shartnomani bekor qilish;
-
iste’mol krediti beruvchi tashkilotdan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashni talab qilish.
Iste’molchi:
-
iste’mol krediti olish uchun zarur hujjatlarni taqdim etishi;
-
bank yoki boshqa kredit tashkilotidan olingan moliyaviy iste’mol kreditidan shartnomaga muvofiq belgilangan maqsadda foydalanishi;
-
tovar (ish, xizmat) haqini shartnomaga muvofiq o‘z vaqtida to‘lashi;
-
olingan moliyaviy iste’mol kreditini qaytarishni va mazkur kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashni shartnomada belgilangan tartibda hamda muddatlarda amalga oshirishi shart.
Iste’molchi qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
14-modda. Iste’mol krediti beruvchi tashkilotning huquq va majburiyatlari
Iste’mol krediti beruvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
-
iste’molchiga iste’mol krediti berish yoki iste’mol krediti berishni asoslantirilgan holda rad etish;
-
iste’mol krediti berish va shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni iste’molchidan so‘rab olish;
-
to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda, berilgan iste’mol krediti summasi muddatidan ilgari qaytarib berilishini va mazkur kredit bo‘yicha hisoblangan foizlar to‘lanishini talab qilish.
-
Iste’mol krediti beruvchi tashkilot:
-
iste’molchining huquq va majburiyatlari to‘g‘risida, shu jumladan iste’mol krediti berish bilan bog‘liq barcha xarajatlar haqida iste’molchiga ishonchli hamda to‘liq axborotni ma’lum qilishi;
-
moliyaviy iste’mol kreditini yoki tovarni (ishni, xizmatni) shartnomada belgilangan tartibda va muddatda berishi;
-
iste’mol krediti berish qoidalarini hamma tanishib chiqishi uchun qulay bo‘lgan joyga joylashtirishi;
-
tovar iste’mol krediti berilganda, tovarni (ishni, xizmatni) sifati tegishli darajada bo‘lgan boshqa shunga o‘xshash tovarga (ishga, xizmatga) almashtirishi, bunda narxlarda farq bo‘lgan taqdirda, iste’molchi bilan zarur hisob-kitobni amalga oshirishi;
-
shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganligi yoki tegishli darajada bajarilmaganligi natijasida yetkazilgan zararlarning o‘rnini iste’molchiga qoplashi shart.
Iste’mol krediti beruvchi tashkilot qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
15-modda. Moliyaviy iste’mol kreditining xususiyatlari
Moliyaviy iste’mol kreditidan foydalanilganda:
-
shartnoma iste’molchi tomonidan tovarni (xizmatni) sotib olishga doir shartnoma kuchga kirguniga qadar yoki kuchga kirganidan keyin tuzilishi mumkin;
-
iste’molchi moliyaviy iste’mol krediti olish to‘g‘risida iste’mol tovarlarini (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi korxonani yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotni oldindan yozma shaklda xabardor qilishi shart.
-
Moliyaviy iste’mol krediti berish O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan iste’mol tovarlarini (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchi korxona yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotning bankdagi hisobvarag‘iga bank yoxud boshqa kredit tashkiloti tomonidan pul mablag‘lari o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
-
Moliyaviy iste’mol kreditining naqd pulda berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
16-modda. Iste’mol kreditini muddatidan ilgari qaytarish
Iste’molchi olingan iste’mol krediti summasini qaytarishni va mazkur kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashni muddatidan ilgari amalga oshirishga haqli. Bunday holda iste’molchi faqat iste’mol kreditidan haqiqatda foydalanilgan muddat uchun foizlar to‘laydi.
17-modda.Iste’molchi tomonidan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash
Iste’molchi tomonidan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi:
-
bank yoki sug‘urta tashkilotining kafolati;
-
uchinchi shaxslarning kafilligi;
-
mol-mulk va qimmatli qog‘ozlar garovi, shu jumladan garov depoziti, banklarning omonat sertifikatlari; qonun hujjatlarida va shartnomada nazarda tutilgan boshqa usullar bilan ta’minlanishi mumkin.
-
Iste’molchining daromadlari hajmi, shuningdek shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilishining iste’molchi tomonidan taqdim etilgan ta’minoti iste’mol krediti summasini qaytarish va mazkur kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lash uchun yetarli bo‘lishi kerak.
-
Moliya iste’mol krediti berish shartnomasi va uning qarz oluvchi tomonidan bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Kredit axboroti milliy institutining ma’lumotlar bazasiga kredit tarixini shakllantirish uchun joylashtiriladi va ulardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi.
-
Iste’molchi shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, kafolat beruvchi yoki kafil iste’mol kreditini qaytarish muddati tugagach, iste’mol krediti beruvchi tashkilotning birinchi talabiga binoan qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq iste’mol krediti summasini qaytarishi hamda mazkur kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashi shart.
18-modda.Nizolarni hal etish
Iste’mol krediti berish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
19-modda. Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
20-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin, davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri,
2006 yil 6 may.
|