Yuridik
shaxslar va fuqarolarning binolari hamda inshootlari bilan band
bo'lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish to'g'risida O'zbekiston
Respublikasi Prezidentining Farmoni
24 Iyul
2006 yil
Yuridik shaxslar va fuqarolarning binolari
hamda inshootlari bilan band bo'lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish
to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Iqtisodiyotda xususiy mulkchilikni yanada
kengaytirish va uning rolini oshirish, biznesni rivojlantirish uchun
qulay shart-sharoitlar yaratish hamda xususiy tadbirkorlikning huquqiy
kafolatlarini mustahkamlash, xususiylashtirilgan korxonalar bilan
band bo'lgan yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanishni
ta'minlash, shuningdek uy-joy bozori va ipotekani rivojlantirish
uchun kuchli rag'batlantiruvchi omillarni vujudga keltirish maqsadida:
1. Shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq,
2007 yilning 1 yanvaridan boshlab O'zbekiston Respublikasining yuridik
shaxslari – rezidentlar mulkiy huquq asosida o'zlariga qarashli
yoki ular tomonidan xususiylashtiriladigan bino va inshootlar, ishlab
chiqarish infratuzilmasi obyektlari joylashgan yer uchastkalarini,
shuningdek mazkur obyektlarga tutash yer uchastkalarini qo'llaniladigan
texnologiya jarayonlari, shahar qurilishi norma va qoidalarini hisobga
olgan holda, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun
zarur bo'lgan miqdorda xususiylashtirish huquqiga ega bo'ladilar.
Ushbu bandda nazarda tutilgan yer uchastkalarini
xususiylashtirish bozor qiymatidan kelib chiqib, qonun hujjatlarida
belgilangan tartibda mulkka egalik huquqini rasmiylashtirgan holda
ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.
2. Belgilansinki, mazkur Farmonning 1-bandiga
muvofiq xususiylashtirilmagan, O'zbekiston Respublikasining yuridik
shaxslari – rezidentlari tomonidan doimiy foydalanib kelinayotgan
yer uchastkalari 2008 yilning 1 yanvariga qadar ellik yilgacha,
ammo o'ttiz yildan kam bo'lmagan uzoq muddatli ijaraga qaytadan
rasmiylashtirilishi lozim.
Yer to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda
tutilgan hollarda, yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish
huquqi shartnomada ko'rsatilgan muddat tugamasdan to'xtatilishi
yoki ijaraga olingan yer uchastkasi maydoni qisqartirilishi mumkin.
3. 2008 yil 1 yanvaridan boshlab O'zbekiston
Respublikasining fuqarolari – rezidentlariga yakka tartibda uy-joy
qurish va turarjoy binosiga xizmat ko'rsatish uchun ajratilgan yer
uchastkalarini xususiylashtirish huquqi berilsin.
Bunda yakka tartibda uy-joy qurish va turarjoy
binosiga xizmat ko'rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalari quyidagi
tartibda xususiylashtiriladi:
ushbu Farmon chiqqan paytda amalda egallab
turilgan va o'rnatilgan tartibda berilgan kadastr hujjatlarida belgilangan
chegara va miqdorda doimiy foydalanish yoki umrbod meros qilib qoldiriladigan
egalik huquqi bilan uchastkalarga ega bo'lgan fuqarolar tomonidan
ixtiyoriylik asosida;
yer uchastkalarini yakka tartibda uy-joy
qurilishiga kim oshdi asosida qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda
sotish chog'ida, keyinchalik mulkka egalik huquqini o'rnatilgan
tartibda davlat ro'yxatidan o'tkazish;
tomonlar – ko'chmas mulkni begonalashtirayotgan yoki sotib olayotgan
(qabul qilayotgan) shaxsning ahdlashuvi bo'yicha yakka tartibdagi
uy-joyni sotish yoki hadya etish (yaqin qarindoshlar bundan mustasno)
chog'ida majburiy tartibda.
4. Quyidagilar belgilansin:
kadastr hujjatlarida belgilangan chegara
va miqdorlarda yakka tartibda uy-joy qurish va turarjoy binosiga
xizmat ko'rsatish uchun berilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish
qat'iyan bozor narxlari bo'yicha amalga oshiriladi;
fuqarolar tomonidan yakka tartibda uy-joy
qurish va turarjoy binosiga xizmat ko'rsatish uchun yer uchastkalarini
olishda ilgari to'langan qiymat kim oshdi savdolari natijalari bo'yicha
yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun to'lanadigan haq miqdorini
belgilash chog'ida hisobga olinadi;
xususiylashtirilgan yer uchastkasi oborotda,
jumladan xarid qilish – sotish, ayirboshlash, hadya qilish, meros,
foydalanish (ijaraga berish) bo'yicha bitimlar tuzishda cheklanmagan,
garov, shu jumladan banklar va boshqa kredit muassasalaridan kredit
olish uchun garov bo'lib xizmat qilishi mumkin.
5. O'zbekiston Respublikasi yer resurslari,
geodeziya, kartografiya va davlat kadastri Davlat qo'mitasi Qoraqalpog'iston
Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari
hamda boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda 2007 yilning
1 oktabrigacha bo'lgan muddatda yuridik shaxslar va fuqarolarning
binolari hamda inshootlari bilan band bo'lgan yer uchastkalarini
xususiylashtirish chog'ida bozor narxlarini belgilash uchun asos
sifatida qishloq xo'jalik ahamiyatiga ega bo'lmagan yerlar kadastrini
ishlab chiqsin va aprobatsiyadan o'tkazsin.
6. O'zbekiston Respublikasi Davlat mulki
qo'mitasi, "Yergeodezkadastr" davlat qo'mitasi, "Davarxitektqurilish"
davlat qo'mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Monopoliyadan
chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash davlat qo'mitasi,
Adliya vazirligi 2006 yilning 1 oktabrigacha:
yuridik shaxslarga tegishli bino va inshootlar
bilan band bo'lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda bozor
qiymatini belgilash tartibi to'g'risidagi Nizomni;
bino va inshootlar bilan band bo'lgan yer
uchastkalari, shuningdek ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish
uchun zarur bo'lgan ularga tutash uchastkalarning chegaralarini
belgilash tartibi to'g'risidagi Nizomni;
yakka tartibda uy-joy qurish va turarjoy
binosiga xizmat ko'rsatish uchun beriladigan yer uchastkalarini
xususiylashtirish va ularning bozor qiymatini aniqlash tartibi to'g'risidagi
Nizomni;
yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi
to'g'risidagi Nizomni ishlab chiqsin va O'zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
7. Belgilansinki, yer uchastkalarini xususiylashtirishdan
tushadigan mablag'lar davlat budjetiga to'liq o'tkaziladi va 80
foiz miqdori respublika budjetiga hamda 20 foiz miqdori tegishli
mahalliy budjetlarga yo'naltirilgan holda infratuzilmani rivojlantirish
va hududlarni obodonlashtirishda maqsadli foydalaniladi. Bunda yer
uchastkalarini xususiylashtirishdan respublika budjetiga tushadigan
mablag'larning kamida 3 foizi inventarizatsiya, muhandislik infratuzilmasi
bosh rejalari va sxemalarini ishlab chiqish hamda tuzatishlar kiritish,
yer kadastrlarini shakllantirish va iqtisodiy zonalarga ajratish
bo'yicha qilinadigan sarf-xarajatlarni qoplashga yo'naltiriladi.
8. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar
va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga
ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida
takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish
O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri,
2006 yil 24 iyul
|