"O`zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining plastik kartochkalar asosida
hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari
to`g`risida qarori"
O'zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori
Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz
hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirishni rag`batlantirish,
ulardan chakana savdoda, kommunal xizmatlarga va xizmatlarning boshqa
turlariga haq to`lashda foydalanish, shuningdek pul mablag`larining
bankdan tashqari aylanishini qisqartirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi
qaror qiladi:
1. O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki
tomonidan O`zbekiston Banklar uyushmasi va respublika tijorat banklari
bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2006 yil oxirigacha tijorat banklari
tomonidan plastik kartochkalardan foydalangan holda hisob-kitob
qilish tarmog`ini kengaytirishning prognoz jadvali ma`qullansin.
2. O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki,
O`zbekiston Banklar uyushmasi uch oy muddatda Banklararo protsessing
markazi negizida savdo va xizmatlar sohasi tashkiloti yoxud plastik
kartochka egasiga qaysi bankda xizmat ko`rsatilishidan qat`i nazar
barcha savdo shoxobchalarida bank operatsiyalarini yagona rejimda
amalga oshirish imkonini beruvchi O`zbekiston Banklar uyushmasi
huzuridagi Yagona umumrespublika protsessing markazini tashkil etsinlar.
3. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar
Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari manfaatdor
vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar va tijorat banklari
bilan birgalikda chakana savdo va xizmatlar sohasi ob`ektlarini,
avtomobil yonilg`isi quyish shoxobchalarini va aholidan naqd pul
qabul qilish boshqa punktlarini to`lovlarni plastik kartochkalar
bilan qabul qilish bo`yicha terminallar bilan:
- Toshkent shahrida - 2005 yil 1 yanvargacha;
- viloyat markazlari va viloyatga bo`ysunuvchi
shaharlarda - 2005 yil 1 iyulgacha ta`minlash chora-tadbirlarini
ko`rsinlar.
Ko`rilgan chora-tadbirlarning natijalari
to`g`risida 2004 yil va 2005 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari
bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
4. Belgilab qo`yilsinki, plastik kartochkalardan
foydalanib tovarlarni sotishda va xizmatlar ko`rsatishda xo`jalik
yurituvchi sub`ektlar tomonidan beriladigan terminal cheklari kvitantsiyalar,
talonlar, chiptalarga hamda tovarlar va xizmatlarga haq to`langanligini
tasdiqlovchi ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarga tenglashtiriladi.
5. Chakana savdo korxonalariga yuridik shaxslarning
korporativ plastik kartochkalari bo`yicha tovarlarni oylik tovar
aylanishi hajmida sotuvlar ulushi cheklanmagan holda sotishga ruxsat
berilsin.
6. Plastik kartochkalarning emitentlari
bo`lgan tijorat banklari:
- 2005 yil 1 yanvargacha barcha filiallar,
minibanklar va jamg`arma kassalarida to`lovlarni plastik kartochkalar
bilan qabul qilish bo`yicha terminallar o`rnatsinlar;
- aylanma mablag`lar taqchilligiga duch
kelayotgan chakana savdo va xizmatlar sohasi tashkilotlarining to`lovlarni
plastik kartochkalar bilan qabul qilish bo`yicha terminallar sotib
olishi uchun o`z mijozlarining so`rovlari bo`yicha imtiyozli kreditlar
bersinlar (Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining 50 foizi
stavkasi bo`yicha);
- terminal tarmog`ining uzluksiz ishlashi
va plastik kartochkalardan foydalangan holda o`z mijozlariga ko`rsatiladigan
xizmatlar turlarini kengaytirish chora-tadbirlarini ko`rsinlar.
7. Tijorat banklari va Yagona umumrespublika
protsessing markazi:
- bankomatlar, terminallar, kommutatsiya
uskunalari va plastik kartochkalar bo`yicha to`lovlarni amalga oshirish
uchun foydalaniladigan boshqa asbob-uskunalardan, shuningdek dasturiy
ta`minot sifatidagi mol-mulkdan 2005 yil 1 yanvardan boshlab 3 yil
muddatga mulk solig`i to`lashdan;
- plastik kartochkalar, sarflanadigan materiallar,
grafik va elektron shaxslashtirish qurilmalari, terminallar, bankomatlar
va plastik kartochkalar bo`yicha to`lovlarni amalga oshirish uchun
foydalaniladigan boshqa asbob-uskunalarni import qilishda 2007 yil
1 yanvargacha bojxona to`lovlari to`lashdan (bojxonada rasmiylashtirish
yig`imlaridan tashqari) ozod qilinsin.
Tijorat banklari va Yagona umumrespublika
protsessing markazi tomonidan to`lovlarni plastik kartochkalar bo`yicha
amalga oshirish uchun foydalaniladigan mol-mulkdan soliq to`lash
bo`yicha imtiyozlarni qo`llash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlansin.
8. O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot
vazirligi, "O`zeltexsanoat" uyushmasi va O`zbekiston Banklar
uyushmasi Mahalliylashtirish dasturi doirasida respublikada o`z
materiallari negizida mikrochiplari bo`lgan plastik kartochkalar
va to`lov terminallari ishlab chiqarish bo`yicha qo`shma korxona
tashkil etish yuzasidan 2004 yil oxirigacha Vazirlar Mahkamasiga
takliflar kiritsinlar.
9. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar
Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Toshkent shahrida,
viloyat markazlarida va viloyatga bo`ysunuvchi shaharlarda joylashgan,
savdo maydoni 150 kvadrat metrdan ortiq bo`lgan turg`un savdo shoxobchalariga
chakana savdoni amalga oshirish uchun ruxsat beruvchi guvohnomalar
berishda ularda to`lovlarni plastik kartochkalar bo`yicha qabul
qilish imkonini beruvchi terminallar mavjud bo`lishini nazarda tutsinlar.
10. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi va Davlat
soliq qo`mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
- amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan
kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida Vazirlar
Mahkamasiga takliflar kiritsin;
- vazirliklar va idoralarning normativ hujjatlari
mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini ta`minlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat
qilish O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari R.S.Azimov
va O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M.Mullajonov
zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. Karimov
Toshkent shahri, 2004 yil 24 sentabr
|